Korrupsiyaga qarshi kurash – ustuvor vazifamizdir

Bugungi kunda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli ishlar barcha tashkilot va muassasalar zimmasiga yuqori mas’uliyat yuklamoqda.
«KDB Bank O‘zbekiston» aksiyadorlik jamiyatida ham shaffoflik, halollik va korporativ etika tamoyillarini mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Yillik reja asosida tizimli yondashuv
Bankda har yili Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yillik reja — Annual Anti-Bribery & Corruption Plan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Ushbu reja doirasida:
· Bank boshqarmalari va bo‘linmalarida korrupsiyaviy xavf-xatarlar (risk assessment) baholanadi;
· Aniqlangan risklar bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqiladi;
· Ichki nazorat va komplayens mexanizmlari takomillashtiriladi.
Risk-assessment jarayoni har bir bo‘limning faoliyat yo‘nalishi, qaror qabul qilish vakolatlari va moliyaviy operatsiyalari inobatga olingan holda amalga oshiriladi.
Bu esa ehtimoliy korrupsiyaviy holatlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish imkonini beradi.
Xodimlar malakasini oshirish – samarali profilaktika asosi
Korrupsiyaga qarshi kurashish, avvalo, xodimlarning huquqiy ongi va shaxsiy mas’uliyatiga bog‘liq. Shu maqsadda bankda muntazam ravishda:
· Ichki treninglar,
· Tashqi ekspertlar ishtirokida seminar va davra suhbatlari;
· Amaliy keyslar asosida muhokamalar tashkil etib kelinmoqda.
Ayniqsa, yangi ishga qabul qilingan xodimlar uchun “Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens madaniyati” mavzusida majburiy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Treninglar yakunida bilimlarni baholash maqsadida test sinovlari tashkil etilib, mavzu o‘zlashtirilish darajasi aniqlanadi.
Davlat organlari bilan hamkorlik
2025 yil iyun oyida «KDB Bank O‘zbekiston» aksiyadorlik jamiyatida O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda “Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarning korrupsiyani oldini olishdagi roli” mavzusida seminar tashkil etdi. Ushbu tadbirda raqamli yechimlar orqali inson omilini qisqartirish, jarayonlarni avtomatlashtirish va shaffoflikni ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, 2025 yil noyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda bank xodimlari uchun maxsus seminar o‘tkazildi. Seminar davomida korrupsiyaviy xavflarni aniqlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va amaldagi qonunchilik talablari bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Bu kabi hamkorlik tadbirlari xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, xalqaro va milliy standartlarga mos ish yuritish madaniyatini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
“Nol tolerantlik” siyosati
Bank faoliyatida korrupsiyaga nisbatan “nol tolerantlik” tamoyili amal qiladi. Barcha xodimlardan:
· Korporativ etika qoidalariga qat’iy rioya qilish;
· Manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini o‘z vaqtida ma’lum qilish;
· Har qanday shubhali holatlar haqida belgilangan tartibda xabar berish talab etiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish — bu uzluksiz va tizimli jarayon. «KDB Bank O‘zbekiston» aksiyadorlik jamiyatida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar shaffof, adolatli va mas’uliyatli korporativ muhitni shakllantirishga qaratilgan.
Bank jamoasi kelgusida ham davlat organlari va hamkor tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiradi.