«Sotib olish» va «sotish» shartnomalari bilan ishlashning tartibi tasdiqlandi.

AQSh Moliyaviy Jinoyatlarga Qarshi Kurashish Agentligi hamda AQSh Savdo Vazirligiga qarashli Sanoat va Xavfsizlik Byurosi tomonidan 2022-yilning 28-iyun sanasida e’lon qilingan hisobotga asosan O’zbekiston ham bir qator mamlakatlar qatorida sanksiyaga tushgan tovarlarni eksport qilishda foydalaniladigan yuk tashish punktlari ro’yxatiga kiritilgan. Bank hisobraqamlaridan foydalangan holda bunday tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirish bank va uning mijozlari uchun salbiy oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkinligini nazarda tutgan holda Bank Boshqaruvi tomonidan quyidagi qaror qabul qilindi:

1.      «Sotib olish» va «sotish» shartnomalari (mos ravishda YEISVO dagi «18» va «19» shartnoma shakli) bo’yicha sanksiya dasturlariga kiritilgan mamlakatlar yo’nalishida xizmat ko’rsatishni to’xtatib turilsin.

2.   «Sotib olish» («18» shakl) va «sotish» («19» shakl) bo’yicha boshqa barcha shartnomalar uchun belgilangan tartib tasdiqlansin, bunda har bir shartnoma Bank ichki qoidalari asosida o’rnatilgan mezon va talablardan kelib chiqqan holda, kompleks ravishda tahlil qilinishi ko’zda tutiladi. Zaruriyat tug’ilsa, Bank Mijozdan shartnoma bo’yicha qo’shimcha ma’lumotlar, jumladan shartnoma ishtirokchilari bo’yicha ma’lumot so’rab murojaat qilishi mumkin.

3.   Agar shartnomada O’zbekistonning sanksiyaga tushgan tovarlarni eksport qilishda foydalaniladigan yuk tashish punkti sifatidagi ishtiroki bo’yicha belgilar mavjud bo’lsa, shuningdek sanksiyalarni chetlab o’tish holatlari aniqlansa, Bank bunday operatsiyalarni to’xtatish, va o’z navbatida tegishli ma’lumotlarni maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etish choralarini ko’rsin. 

Agar sizda yuqorida aytib o’tilgan shakldagi xorijiy shartnomalar amalda mavjud bo’lsa yoki amalga oshirishni rejalashtirayotgan bo’lsangiz, maslahat uchun o’zingizga biriktirilgan Mijozlar bilan ishlash Menejeriga murojaat qilishingizni so’raymiz.